O'zbekiston Respublikasidan hujjatlarni talab qilish
O'zbekiston Respublikasidan hujjat talab qilish
O‘zbekiston Respublikasidan hujjatlarni so‘rab olish uchun O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari, xorijiy fuqarolar va fuqarolikka ega bo‘lmagan shaxslar bevosita O‘zbekiston Respublikasi arxiv muassasalariga ham, shuningdek O‘zbekiston Respublikasining xorijdagi diplomatik vakolatxonalariga va konsullik muassasalariga ham murojaat etishlari mumkin.
O‘zbekiston Respublikasining xorijdagi diplomatik vakolatxonasiga yoki konsullik muassasasiga murojaat etuvchi shaxs har bir so‘rab olinayotgan hujjat uchun alohida belgilangan shakldagi maxsus anketani ikki nusxada to‘ldirishi, shuningdek konsullik yig’imini, hamda amaldagi xarajatlarni qoplash yig’imini to‘lashi lozim.
Mehnat va pensiya daftarchalari, harbiy guvohnomalarning asl nusxalarini so‘rab olish, jo‘natib yuborish yoki xorijga chaqirtirib olishga yo‘l qo‘yilmaydi.
Shuningdek, agar nikoh bekor qilingan bo‘lsa, nikohdan o‘tganlik to‘g’risidagi guvohnomani, vafot etgan shaxsning tug’ilganlik to‘g’risidagi guvohnomasini qaytadan so‘rab olinishi mumkin emas. Voyaga etmagan shaxslarning tug’ilganlik to‘g’risidagi guvohnomalari ularning qonuniy vakillari tomonidan so‘rab olinishi mumkin. Vafot etganlik to‘g’risidagi guvohnomalar vafot etgan shaxsning qarindoshlari yoki yuridik shaxslar tomonidan rasmiy maqsadlar uchun so‘rab olinishi mumkin.
Amaliyotning ko‘rsatishicha, ma’lumot to‘g’risidagi hujjatlarni (attestatlar, diplomlar va ulardan ko‘chirmalarni) O‘zbekiston Respublikasidan so‘rab olishda manfaatdor shaxslarning bevosita o‘quv muassasasiga murojaat etishi bir muncha samarali natija beradi. Buning uchun shaxsiy ishni arxivlardan izlab topish, hujjatning dublikatini tayyorlash, shahodatlash va arizachiga jo‘natib yuborish bilan bog’liq barcha xarajatlarning qoplanishi shart bo‘ladi.
Har bir hujjat uchun arizachining pasporti nusxasini taqdim qilgan holda ikki nusxada to‘ldiriladi.
Savollarga javoblar to‘liq va aniq bo‘lishi kerak.
O‘zbekiston Respublikasidan hujjatlarni so‘rab olish uchun anketa (namuna).
DIQQAT!
O‘zbekiston Respublikasining xorijda bo‘lib turgan fuqarolari hamda chet el fuqarolari uchun O‘zbekistondan hujjatlar talab qilib olish masalasida qulayliklar yaratish maqsadida mazkur konsullik xizmatidan 2020 yil 1 dekabrdan boshlab Tashqi ishlar vazirligining https://consulate.mfa.uz/ elektron manzilidagi konsullik xizmatlari portali orqali kerakli ma‘lumotlarni to‘ldirgan holda foydalanishlari mumkin.