TIV rahbari o’rinbosari O’zbekistonning BMT bilan hamkorligi to’g’risida

TIV RAHBARI O’RINBOSARI O’ZBEKISTONNING BMT BILAN HAMKORLIGI TO’G’RISIDA

Ma'lumki, Prezident Shavkat Mirziyoyev taklifiga binoan, 2017 yil 10 iyun kuni Birlashgan Millatlar Tashkilotining Bosh kotibi Antoniu Guterrish O’zbekistonga keldi. O’zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vazirining o’rinbosari Anvar Nosirov “Jahon” AA muxbiri bilan bo’lib o’tgan eksklyuziv suhbat chog’ida mazkur tashrif yakunlari va ushbu global tizim bilan amalga oshirilayotgan birgalikdagi ishlar haqida so’zlab berdi.

 

- Hurmatli Anvar Jamoliddinovich, A.Guterrish mamlakatimizda bo’lgan chog’ida O’zbekistonda olib borilayotgan islohotlarga yuqori baho berar ekan, ularni “aholi farovonligini oshirishda va mamlakatning gullab-yashnashida muhim ahamiyatga ega”, deb ta'rifladi. Siz Bosh kotibning mamlakatimizga buyurgan mazkur tashrifi munosabati bilan O’zbekiston va BMT o’rtasidagi hamkorlikning hozirgi holatiga qanday baho berasiz?

- Avvalo shuni qayd etishni istar edimki, yuqori martabali mehmonning ushbu tashrifi jahon hamjamiyati, xususan, BMT tomonidan O’zbekistonning zamonaviy rivojlanishiga nisbatan ulkan qiziqishning mavjud ekanligidan dalolat beradi.

Mamlakatimizda o’z vakolatxonalarini ochgan ushbu tashkilotning qator ixtisoslashgan muassasalari ro’yxati e'tiborga molik bo’lib, o’zaro hamkorligimiz nuqtai nazaridan ular ko’pgina sohalarni qamrab olgan.

Hamkorligimiz BMTning qator asosiy hujjatlariga asoslangani holda, ularning bosqichma-bosqich hayotga tadbiq etilishi o’zbek xalqi farovonligi yo’lida yanada yuksalishga hamda gullab-yashnashga erishishimizga ko’maklashmoqda. Xususan, Barqaror rivojlanish maqsadlarini respublikamiz sharoitlariga moslashtirish ustida birgalikda ish olib bormoqdamiz. Xalqaro tamoyillarga muvofiq holda Barqaror rivojlanish maqsadlarining milliy ko’rsatkichlari hamda indikatorlari ishlab chiqildi va qabul qilindi.

Shubha yo’qki, mazkur global tizim bilan hamkorlik haqida gapirar ekanmiz, BMTning O’zbekiston taraqqiyotiga ko’maklashish bo’yicha doiraviy dasturi (YUNDAF) bandlarini hayotga tadbiq etish yuzasidan mamlakatimiz jiddiy maqsadlarni kezlayotganini alohida ta'kidlash zarur. YUNDAF va Barqaror rivojlanish maqsadlari 2017-2021 yillarda O’zbekistonni rivojlantirishning beshta ustuvor yo’nalishi bo’yicha Harakatlar strategiyasida ham o’z aksini topganining o’zi ham bu fikrni tasdiqlaydi.

Umuman olganda, bosib o’tilgan yo’lga nazar tashlar ekanmiz, shuni ishonch bilan aytishimiz mumkinki, samarali hamkorligimizda to’plangan qimmatli tajriba BMTning muhim hujjatlarida belgilab berilgan yuksak maqsadlar yo’lidagi samarali sa'y-harakatlarning bardavomligi uchun muhim asos bo’lib xizmat qiladi.

- Hamkorligimiz umumbashariy xavfsizlik va barqarorlikni mustahkamlash masalalarini ham qamrab olgan. Siz O’zbekistonning BMT doirasida tashabbuslarni ilgari surish va amalga oshirish bo’yicha to’plagan tajribasini qayday baholaysiz?

- O’zbekistonning tinchliksevar siyosati, uning qarama-qarshiliklarni diplomatiya yo’li bilan hal etishni ko’zlashi, mintaqada xavfsizlik va barqarorlikni ta'minlash borasidagi sa'y-harakatlari BMT faoliyatiga hamohangdir.

Masalan, respublikamiz Afg’onistondagi vaziyatni tezda normallashtirish muammosiga keng miqyosli mintaqadagi tinchlik va xavfsizlikning muhim qismi sifatida qaraydi. O’zbekiston qo’shni mamlakatda tinch hayot o’rnatilishi bo’yicha afg’onlarning hamda xalqaro hamjamiyatning sa'y-harakatlarini qat'iy qo’llab-quvvatlagani holda Afg’onistonni ijtimoiy-iqtisodiy qayta tiklash dasturlari amalga oshirilishiga salmoqli hissa qo’shmoqda, jumladan, uning hududida ko’pgina infratuzilma ob'yektlarining qurilishiga ko’maklashmoqda.

Umuman olganda, O’zbekiston tashqi siyosiy faoliyati Konsepsiyasidagi asosiy vazifalardan biri - Markaziy Osiyoda tinchlik hamda barqarorlikni saqlash va mustahkamlash, mintaqani xavfsizlik va barqaror rivojlanish hududiga aylantirish vazifasini amalga oshirish bo’yicha mamlakatimiz tomonidan tashlanayotgan qadamlarga BMT yuqori baho bermoqda. A.Guterrish o’z tashrifi chog’ida O’zbekistonda hukm surayotgan tinchlik va osoyishtalik, uyg’unlik va bag’rikenglik muhiti BMTning asosiy maqsadlari va tamoyillariga to’la muvofiqligini qayd etdi.

- O’zbekistonga tashrifi chog’ida BMT Bosh kotibi Orol dengizi mintaqasida bo’ldi. Orolbo’yi hududining rivojlanishini qo’llab-quvvatlashda BMTga a'zo davlatlar sa'y-harakatlarini birlashtirishning ahamiyati haqidagi fikrlaringizni o’rtoqlashsangiz.

- Biz ekologiya sohasida ushbu tashkilot bilan samarali hamkorlik qilmoqdamiz. O’zbekiston bu yo’nalishda umumsayyora miqyosida ahamiyat kasb etadigan muammo - kechiktirmasdan hal qilinishi lozim bo’lgan Orol dengizi inqirozini bartaraf etish yuzasidan jahon hamjamiyatining diqqatini jalb etishga jiddiy e'tibor qaratmoqda.

Hozir bu noyob suv havzasini avvalgi holida qayta tiklash haqida gapirish g’ayri imkon. Shu bois, birinchi darajada Orolbo’yi biologik fondini saqlash, mintaqada istiqomat qiladigan aholi hayotiy faoliyati va salomatligiga ekologik inqirozning halokatli ta'sirini kamaytirish masalalariga e'tibor qaratish lozim. Bu masalaning jiddiyligini hisobga olib, 2008 yil mart oyida mamlakatimizda Toshkentda «Orol muammolari, ularning aholi genofondi, o’simlik va hayvonot olamiga ta'siri hamda oqibatlarini yengillashtirish uchun xalqaro hamkorlik chora-tadbirlari» mavzusiga bag’ishlangan xalqaro konferensiya o’tkazilgan va unda BMT vakillari faol ishtirok etgan edi. 2014 yil oktyabrida Urganch shahrida o’tkazilgan «Orol dengizi mintaqasidagi ekologik ofat oqibatlarini yumshatish bo’yicha hamkorlikni rivojlantirish» mavzusidagi xalqaro konferensiyada esa BMT Bosh kotibi o’rinbosari Kristian Friis Bax, BMT Taraqqiyot dasturi ma'murining o’rinbosari Oysha Jahon Sultonoglu, ESKATO ijrochi kotibi o’rinbosari Shun-ichi Murata ishtirok etdi.

BMT Bosh Assambleyasining 63-sessiyasida O’zbekiston hammualliflaridan biri bo’lgan “Orolni qutqarish xalqaro jamg’armasiga Bosh Assambleya huzurida kuzatuvchi maqomini berish to’g’risida”gi rezolyutsiya umum qo’llab-quvvatlashiga sazovor bo’lgan eng muhim hujjatlardan biri bo’ldi. O’zbekistonning Orolni qutqarish xalqaro jamg’armasidagi raisligi doirasida ishlab chiqilgan Orol dengizi qurishining oqibatlarini tugatish va Orolbo’yidagi ekotizim inqirozini bartaraf etish bo’yicha chora-tadbirlar dasturi 2013 yil sentyabrida BMT Bosh Assambleyasi 68-sessiyasining rasmiy hujjati sifatida tarqatildi. Bundan tashqari, O’zbekistonning ushbu xalqaro tashkilot shafe'ligida Orol dengizi va Orolbo’yi hududi bo’yicha maxsus Trast jamg’armasini tuzish to’g’risidagi tashabbusi ham BMT tomonidan qo’llab-quvvatlandi.

Yaqinda biz 2017-2021 yillarda Orolbo’yi mintaqasini rivojlantirish bo’yicha Davlat dasturini qabul qildik. Bu hujjat Orol dengizi inqirozi oqibatlarini yumshatish, ekologik va ijtimoiy-iqtisodiy vaziyatni, mahalliy aholi turmush kechirishi sharoitlarini yaxshilash bo’yicha 67 ta loyiha va tadbirlarni amalga oshirishni ko’zda tutadi. Loyihalarning umumiy qiymati 8,4 trillion so’mdan ziyodni tashkil etadi. Davlat dasturi ish o’rinlarini yaratish, mintaqaning sarmoyaviy jozibadorligini oshirish, sog’liqni saqlash, odamlarning uy-joy sharoitlari, hududlar obodonlashtirilishini yaxshilash, bolalar va sport maydonchalarini barpo etish, aholi punktlarining transport, injenerlik va kommunikatsiya infratuzilmalarini rivojlantirish, Nukus va Urganch issiqlik ta'minoti tizimlarini yaxshilash bo’yicha chora-tadbirlarni o’z ichiga olgan.

Shuni qayd etish joizki, A.Guterrish o’zidan oldingi Bosh kotib Pan Gi Mun kabi Orolbo’yida bo’lib, bir paytlari gullab-yashnagan mintaqa qay ahvolga tushishi mumkinligidan hayratlandi. Bosh kotib Mo’ynoqda odamlar bilan uchrashgan chog’ida mavjud masalalarni tezda hal qilish zarurligini qayd etdi. A.Guterrish shu maqsadlarda donor mamlakatlar, xalqaro tashkilotlar va moliyaviy institutlar resurslarini jalb qilish yuzasidan barcha chora-tadbirlar ishga solinishini bayon etdi. Shu o’rinda BMT Amudaryo va Sirdaryo bo’yicha ikkita konvensiya loyihalarini tarqatganini qayd etishni istardim. Mazkur loyihalar mintaqa mamlakatlari o’rtasida suv sohasidagi konstruktiv hamkorlik uchun huquqiy asoslarni yaratadi. O’zbekiston tomoni ushbu tashabbuslarni qo’llab-quvvatlaydi va yuqorida qayd etilgan hujjatlar bo’yicha muzokaralar jarayonida ishtirok etishga tayyordir.

Mazkur tashrifdan keyin Orol dengizi qurishi oqibatlarini yumshatish borasida BMT tizimlari va O’zbekiston hukumati o’rtasidagi sa'y-harakatlarning muvofiqlashuvi kuchayishiga ishonchim komil.

- Ma'lumki, 2017 yil fevral oyida BMT bilan birgalikda ishlab chiqilgan “Orolbo’yi mintaqasi uchun inson xavfsizligi bo’yicha ko’psheriklik fondini tashkil qilish orqali Orol dengizi fojeasidan zarar ko’rgan aholining turmush sharoitini yaxshilash va mustahkamlash” dasturi amalga oshirila boshlandi. Ushbu dastur qanday hayotga tadbiq etilayotgani haqidagi fikrlaringizni bilishni istar edik.

-        Birlashgan Millatlar Tashkilotining qator agentliklari tomonidan ishga tushirilgan ushbu keng qamrovli dasturdan ko’zlangan maqsad integratsiyalashgan va ko’p tomonlama yondoshuv asosida inson xavfsizligi uchun o’zaro bog’langan xatarlarni yumshatish va Orol dengizi inqirozining salbiy ta'siriga ro’para kelgan hamjamiyatlarning barqaror rivojlanish salohiyatini yaratish bilan izohlanadi. Dasturning umumiy byudjeti 4,6 million AQSh dollaridan ziyodni tashkil etadi.

Joriy yil aprel oyida ushbu dastur doirasida diplomatiya korpusi, xalqaro tashkilotlar, vazirlik va idoralar, milliy va mintaqa ommaviy axborot vositalari vakillarining Orolbo’yi mintaqasiga tanishuv safari tashkil qilindi. BMT qo’shma dasturining birinchi bosqichi doirasida erishilgan muvaffaqiyatlar bilan tanishar ekan, mazkur tadbir ishtirokchilari mintaqa rivojlanishi qo’llab-quvvatlanishidagi sa'y-harakatlarni birlashtirish, shuningdek, Orolbo’yi mintaqasi uchun inson xavfsizligi bo’yicha ko’psheriklik fondi orqali taklif etilayotgan donorlik ko’magini kengaytirishning ahamiyati bilan yaqindan tanishdilar.

Dasturni amalga oshirishning ikkinchi bosqichi chog’ida Ko’psheriklik maqsadli fondini yaratish ko’zda tutilgan. U BMT agentliklari va hukumat idoralari o’rtasidagi qo’shma tadbirlarni muvofiqlashtirish uchun vosita bo’lib xizmat qiladi. Muxtasar qilib aytganda aholining hayot kechirishi sifatini yaxshilash va ular uchun daromad olish imkoniyatlarini kengaytirish global tizimning Orolbo’yi hududidagi asosiy missiyasi hisoblanadi.

- Mazmunli suhbatingiz uchun rahmat.

 

 

Suhbatdosh: D.Otaxonova,

“Jahon” AA