Prezidentimiz Uchtepa tumaniga tashrif buyurdi

PREZIDENTIMIZ UCHTEPA TUMANIGA TASHRIF BUYURDI

Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev joylarda amalga oshirilayotgan bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlari, ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarning borishi bilan yaqindan tanishish, xalq bilan muloqot qilish maqsadida 16-iyun kuni poytaxtimizning Uchtepa tumaniga tashrif buyurdi.    

Prezidentimiz dastlab tumanda bunyod etilishi rejalashtirilayotgan ko‘ngilochar va istirohat bog‘i loyihasi bilan tanishdi. 

Olti gektarga yaqin maydonga ega mazkur istirohat bog‘ida zamonaviy, xavfsiz, energiyatejamkor attraksionlar, bolalarning intellektual salohiyatini oshiradigan o‘yin qurilmalari, suzish havzasi, favvora, kitobxonlik uchun maxsus joy, skeyt va gullar maydonchalari, savdo shoxobchalari, avtomobillar turadigan joy va boshqa zarur infratuzilma inshootlari qurilishi ko‘zda tutilgan. 

Prezidentimiz istirohat bog‘i loyihasini yanada mukammalashtirish, uning atrofida zamonaviy gipermarket bunyod etish, unda zamonaviy kinoteatr, kutubxona va boshqa zarur dam olish maskanlari bo‘lishi, bunyodkorlik ishlarida  Janubiy Koreya, Yaponiya kabi davlatlar tajribasidan foydalanish zarurligini ta’kidlab, mutasaddilarga zarur ko‘rsatmalar berdi.