O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Pokiston Bosh vaziri Navoz Sharif bilan uchrashdi

O‘ZBEKISTON PREZIDENTI SHAVKAT MIRZIYOYEV POKISTON BOSH VAZIRI NAVOZ SHARIF BILAN UCHRASHDI

Shavkat Mirziyoyev va Navoz Sharif uchrashuvida asosiy e’tibor mamlakatlarimiz o‘rtasidagi hamkorlikning bugungi holati va uni yanada rivojlantirish istiqbollari, mintaqaviy xavfsizlikni mustahkamlash masalalariga qaratildi. 

O‘zbekiston Pokistonning ShHTga a’zo davlat sifatida qabul qilinishini qo‘llab-quvvatlab, tashkilotga raisligi davrida bu masalaga alohida e’tibor qaratdi.  

Mamlakatlarimiz xalqaro maydonda bir-birini qo‘llab-quvvatlab kelmoqda. O‘zbekiston va Pokiston o‘rtasidagi siyosiy, savdo-iqtisodiy, madaniy-gumanitar va boshqa sohalarda davlatlararo, hukumatlararo va idoralararo 50 ga yaqin hujjat imzolangan. Mamlakatimizda Pokiston bilan hamkorlikda tashkil etilgan 55 korxona faoliyat ko‘rsatmoqda. 

O‘zbekiston Pokistonga paxta tolasi, ko‘nchilik xomashyosi, transport va turizm xizmatlarini eksport qiladi. Pokiston mamlakatimizga dori vositalari, kimyo va qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetkazib beradi, transport xizmati ko‘rsatadi. 

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston Pokiston bilan ko‘p qirrali va o‘zaro  manfaatli hamkorlikni yanada rivojlantirish tarafdori ekanini qayd etdi.   

Pokiston Bosh vaziri Navoz Sharif Pokiston O‘zbekiston bilan barcha sohalarda hamkorlikni yanada kengaytirishdan manfaatdor ekanini ta’kidladi.