Barcha sa’y-harakatlarimiz zamirida xalqimiz manfaatlari mujassam

BARCHA SA’Y-HARAKATLARIMIZ ZAMIRIDA XALQIMIZ MANFAATLARI MUJASSAM

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev joylarda amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari, investitsiya loyihalari ijrosining borishi bilan yaqindan tanishish, xalq bilan muloqot qilish maqsadida 2-iyun kuni Andijon viloyatiga tashrif buyurdi. 

Mamlakatimizning barcha hududlari kabi Andijon viloyati ham izchil rivojlanmoqda. Shahar va qishloqlar qiyofasi o‘zgarib, odamlarning turmush farovonligi oshib bormoqda. 

Mustaqillik yillarida Birinchi Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida viloyatda ulkan bunyodkorlik ishlari amalga oshirildi. Yirik sanoat korxonalari, kommunikatsiya tarmoqlari, ijtimoiy obyektlar, ko‘p qavatli uy-joylar barpo etildi. Andijon shahridagi O‘zbekiston, Mustaqillik, Istiqlol, Bobur ko‘chalarining zamonaviy qiyofasi viloyatning bugungi taraqqiyoti ifodasidir. 

Andijonda sanoat, qishloq xo‘jaligi, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik, savdo, xizmat ko‘rsatish, san’at, sport kabi sohalar izchil rivojlanmoqda. Joriy yilning birinchi choragida yalpi hududiy mahsulot hajmi 9,5 foiz o‘sgan. 

Viloyatda besh mingga yaqin sanoat korxonasi faoliyat yuritmoqda. Asaka shahridagi “Jeneral motors O‘zbekiston” qo‘shma korxonasi bu borada alohida o‘ringa ega. Bu zavod mamlakatimizda yangi tarmoq – avtomobilsozlik sanoatiga asos bo‘ldi, u bilan bog‘liq infratuzilmalar, xizmat sohalari shakllandi. Zavodda ishlab chiqarishni diversifikatsiya qilish, eksport geografiyasini kengaytirish ishlari davom ettirilmoqda. 

Viloyatda kichik biznes va xususiy tadbirkorlik jadal rivojlanmoqda. Ularning safi kengayib, tovar va xizmatlar turi ortib bormoqda. Mehnat bilan band aholining 84 foizdan ziyodi shu sohada faoliyat ko‘rsatmoqda. 

Shavkat Mirziyoyev 2016-yil 1-noyabr kuni Andijon viloyati saylovchilari bilan uchrashuvda viloyat iqtisodiyotini yanada rivojlantirish, aholi farovonligini oshirishga qaratilgan keng ko‘lamli reja va maqsadlarni bayon qilgan edi. Davlatimiz rahbari Andijonga tashrifi davomida ana shu rejalar, Harakatlar strategiyasi ijrosi, ijtimoiy-iqtisodiy loyihalar va amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlarini ko‘zdan kechirdi. 

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev Andijon viloyatiga tashrifini “Bog‘i Bobur” istirohat bog‘i bilan tanishishdan boshladi. 

Mazkur istirohat bog‘i Zahiriddin Muhammad Bobur tavalludining 510-yilligi munosabati bilan foydalanishga topshirilgan. Bobur xalqaro jamoat fondi tasarrufidagi so‘lim maskan 357 gektar maydonni egallagan. Bog‘da Bobur Mirzoning ramziy qabri va haykali, “Bobur va jahon madaniyati” muzeyi barpo etilgan. Bobur hayoti va merosini o‘rganishga bag‘ishlangan xalqaro ilmiy ekspeditsiya tomonidan olib kelingan noyob qo‘lyozmalar, kitoblar va tarixiy ashyolar o‘rin olgan muzey mamlakatimizdagi diqqatga sazovor maskanlardan biriga aylangan. 

Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan istirohat bog‘ini yanada obod qilish, muzeyni ta’mirlash va faoliyatini kengaytirish rejalashtirilgan. 

Bobur Mirzo xalqimizning buyuk farzandi. Adabiyot, ilm, ma’rifat nuqtai nazaridan u hamon yashayapti. Bu maskanni yanada obod qilish zarur. O‘zligimizni anglab, buyuk tariximizni yoshlarga tushuntirsak, ilm-ma’rifatni rivojlantirsak, hech qachon kam bo‘lmaymiz, dedi Shavkat Mirziyoyev. 

Prezidentimiz muzey eksponatlari bilan tanishdi. Olimlar va nuroniylar bilan muloqotda bo‘ldi. Davlatimiz rahbarining 2017-yil 24-maydagi “Qadimiy yozma manbalarni saqlash, tadqiq va targ‘ib qilish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi hamda 31-maydagi “Madaniyat va san’at sohasini yanada rivojlantirish va takomillashtirishga doir chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorlari xalqimizning qadimiy tarixi va ma’naviy merosini chuqur o‘rganish, madaniyat maskanlarini rivojlantirishda muhim ahamiyat kasb etishi qayd etildi. 

Shavkat Mirziyoyev “Andijon biokimyo zavodi” aksiyadorlik jamiyati tomonidan Xo‘jaobod tumanida tashkil etilgan bog‘ni borib ko‘rdi. 

Xalqimiz farovonligi, yurtimiz bozorlari to‘kinligiga Andijon fermer va dehqonlari munosib hissa qo‘shmoqda. Paxta maydonlari qisqartirilib, qishloq xo‘jaligi tarkibiy o‘zgartirilayotgani natijasida meva-sabzavot yetishtirish ko‘paymoqda, eksport hajmi oshmoqda. 

Xo‘jaobod tumanidagi lalmi maydonda tashkil etilgan yong‘oqzor va tokzor ham shu maqsadga qaratilgan. Tumanda 20 gektarga Kaliforniya yong‘og‘i, 23 gektarga tok ekilgan. Kelgusida ekin maydoni kengaytirilib, meva turlari ko‘payadi. Qator oralariga bulg‘or qalampiri, piyoz, kartoshka, loviya, moshning xaridorgir navlari va boshqa sabzavotlar ekiladi. 

Prezidentimiz o‘rmon xo‘jaligini rivojlantirishga oid qaror mazmun-mohiyati haqida to‘xtaldi. Andijonning ilmiy va mehnat salohiyatidan foydalanib, bu yo‘nalishda ilmiy-ishlab chiqarish markazi tashkil etish, xaridorgir mahsulotlar yetishtirish orqali xalqimizning daromadini ko‘paytirish zarurligini ta’kidladi. Andijon qishloq xo‘jaligi instituti va tegishli kollejlarda o‘rmonchilik sohasida malakali kadrlar tayyorlash bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi. 

Shu yerda Qo‘rg‘ontepa tumanidagi “Bog‘i Furqat” fermer xo‘jaligi bazasida qishloq xo‘jaligi urug‘chiligi va ko‘chatchilikni rivojlantirish loyihasi namoyish qilindi. Bu yerda zamonaviy biotexnologiya asosida laboratoriya tashkil etilib, virussiz urug‘ va ko‘chatlar yetishtirish yo‘lga qo‘yiladi. Bunday o‘simliklar kasalliklarga chidamli, hosildor bo‘ladi. Qiymati 1 milliard 600 million so‘m bo‘lgan ushbu loyiha samarasida yong‘oq, bodom, uzum, pomidor, kartoshka va boshqa qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining urug‘ va ko‘chatlari yetishtiriladi, agrosanoat tarmoqlariga va aholiga yetkazib beriladi. 38 ish o‘rni yaratiladi. 

Odamlar dalaga kirdimi, albatta, daromad topsin. Takror aytaman, xalq boy bo‘lsa, davlat ham boy bo‘ladi, dedi Shavkat Mirziyoyev. 

Mamlakatimiz qishloq xo‘jaligi salohiyatini yanada oshirish maqsadida barcha hududlarda gidroponika usulida issiqxonalar barpo etish rejalashtirilmoqda. Ixcham va samarador bunday issiqxonalar yuqori sifatli poliz mahsulotlari yetishtirish, minglab ish o‘rinlari yaratish imkonini beradi. 

Prezidentimiz Xo‘jaobod tumanidagi «Navigul» qo‘shma korxonasi hududida tashkil etiladigan meva-sabzavotlarni qayta ishlash, muzlatish va sotishga ixtisoslashtirilgan yirik logistika kompleksi loyihasi bilan tanishdi. 

“Navigul” O‘zbekiston – Germaniya qo‘shma korxonasida jahon bozori kon’yunkturasi talabidan kelib chiqib, mamlakatimiz eksport salohiyatini oshirish, ichki bozorni yil davomida meva-sabzavot mahsulotlari bilan ta’minlash, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlash borasida salmoqli ishlar amalga oshirilmoqda. Bugun bu yerda tayyorlanayotgan tomat pastasi, quritilgan bulg‘or qalampiri, baqlajon, shuningdek, olma, olcha, o‘rik qoqisi singari mahsulotlar nafaqat mamlakatimiz, balki xorijda ham xaridorgir. 

«O‘zvinosanoat-xolding» kompaniyasi negizidagi «Toshkent vino kombinati» aksiyadorlik jamiyati va Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki bilan hamkorlikda qo‘shma korxona hududida «Fruit industries» mas’uliyati cheklangan jamiyati tashkil etish rejalashtirilgan. Yangi korxona meva-sabzavotlarni qayta ishlash, quritish, sharbat tayyorlash va eksport faoliyati bilan shug‘ullanadi. 6 gektar maydonda ko‘chat yetishtiriladigan issiqxona, 255 gektar maydonda tomchilatib sug‘oriladigan intensiv bog‘ tashkil etiladi, 615 gektar maydonda sabzavot yetishtiriladi, 7 ming tonna meva-sabzavotni saqlashga mo‘ljallangan muzlatgich quriladi. 

Davlatimiz rahbari korxonaning dastlabki bosqichi – meva-sabzavotlarni quritish liniyasining ish boshlashiga bag‘ishlangan ramziy tugmani bosdi. Texnologik liniyaning ish jarayonini kuzatdi. Quritilgan mahsulotlar namunalari bilan tanishdi. 

Loyihaning umumiy qiymati 24 million dollar bo‘lib, shundan 14 million dollari Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki, qolgani korxona mablag‘lari hisobidan qoplanadi. 

Korxonani shu yilning uchinchi choragida to‘la ishga tushirish rejalashtirilgan. Bu yerda yiliga 30 ming tonna meva-sabzavot qayta ishlanadi, 1 ming 250 ish o‘rni yaratiladi. 

Asaka tumanidagi «Obod turmush orzusi» fermer xo‘jaligida tashkil etiladigan meva-sabzavotlarni quritish va muzlatgich tashkil etish, «O‘zbekoziqovqatxolding» kompaniyasi va tijorat banklari hamkorligida 2017-2018-yillarda amalga oshirilishi rejalashtirilayotgan oziq-ovqat sohasini rivojlantirish dasturi loyihalari namoyish etildi. 

Prezidentimiz mazkur loyihalarni o‘z vaqtida amalga oshirish, yangi korxonalarni malakali mutaxassislar bilan ta’minlash yuzasidan mutasaddilarga tegishli ko‘rsatmalar berdi. Yangi tashkil etilayotgan korxonalarga xomashyoni vaqtida yetkazib berish lozimligini ta’kidladi. 

Davlatimiz rahbariga «O‘zbekcharmpoyabzali» uyushmasi va tijorat banklari hamkorligida viloyatda 2017-2018-yillarda amalga oshirilishi rejalashtirilayotgan charmpoyabzal sohasini rivojlantirish dasturi va sohaga doir boshqa loyihalar, bozorlar infratuzilmasini yanada rivojlantirish bo‘yicha rejalashtirilayotgan chora-tadbirlar haqida ham ma’lumot berildi. 

Shavkat Mirziyoyev ushbu loyihalar bilan tanishar ekan, tayyorlanadigan mahsulotlarni nafaqat ichki bozorga yetkazish, eksportga ham chiqarish choralarini ko‘rish zarurligini qayd etdi. 

Prezidentimiz "Xonobod" sanatoriyasini borib ko‘rdi. Sanatoriya hududini obodonlashtirish, qurilish ishlarini oxiriga yetkazib, oromgohni kelgusi yili Navro‘z bayramiga foydalanishga topshirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi. 

Xonobod shahrini har tomonlama rivojlantirish, aholi bandligi va farovonligini oshirish masalalariga e’tibor qaratildi. 

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2016-yil 21-oktabrdagi “2017-2021-yillarda qishloq joylarda yangilangan namunaviy loyihalar bo‘yicha arzon uy-joylar qurish dasturi to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq barcha joylarda shinam turar joylar bunyod etilmoqda. 

Davlatimiz rahbari Bo‘z tumani “Chorvador” mahalla fuqarolar yig‘ini hududida qurilgan ana shunday uylarni borib ko‘rdi. Akmal va Zilolaxon Rahmonovlar xonadonida bo‘lib, yaratilgan sharoitlar, oilaning turmushi, farzandlar tarbiyasi bilan qiziqdi. 

Ushbu mahallada maydoni 2 sotixli, uch xonali 10 zamonaviy uy bunyod etilgan. Uylar tabiiy gaz, toza ichimlik suvi va elektr energiyasi bilan ta’minlangan. 

Shavkat Mirziyoyev bunday turar joylarni ko‘proq qurib, odamlarga munosib sharoitlar yaratish doimo e’tiborda bo‘lmog‘i zarurligini ta’kidladi. Mutasaddilarga uy-joylarni aholi istagi va zamon talablari asosida loyihalashtirish va bunyod etish yuzasidan tavsiyalar berdi. 

Prezidentimiz Bo‘z tumanida yengil sanoat sohasidagi loyihalar bilan tanishdi. 

Andijon viloyatida 20 yirik yengil sanoat korxonasi faoliyat ko‘rsatmoqda. 

"O‘zbekengilsanoat" aksiyadorlik jamiyati va tijorat banklari hamkorligida Andijon viloyatida 2017-2018-yillarda 19 loyiha amalga oshirilishi rejalashtirilgan. Ularning samarasida tarmoqning eksport salohiyati 2,8 barobar oshadi, qariyb 9 ming 850 ish o‘rni yaratiladi. 

Ushbu loyihalarning 8 tasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy bankining moliyaviy ko‘magida Andijon shahri, Andijon, Paxtaobod, Shahrixon, Bo‘z, Baliqchi tumanlarida amalga oshiriladi. Mazkur loyihalar 4,3 million dollarlik mahsulot eksport qilish, 1 ming 325 kishini ish bilan ta’minlash imkonini beradi. 

Xo‘jaobod tumanidagi «Nil Granit» mas’uliyati cheklangan jamiyati «Samo» brendi ostida yiliga 5 million dona tayyor kiyim ishlab chiqarmoqda. 480 kishi mehnat qilayotgan korxona mahsulotlari Rossiya, Ukraina, Moldova, Qozog‘iston, Qirg‘iziston kabi mamlakatlarga eksport qilinmoqda. 

Korxonada ip-kalava va mato bo‘yash, tayyor mato ishlab chiqarish va ularga bezak berishni yo‘lga qo‘yish rejalashtirilgan. Buning samarasida eksport hajmini yiliga 25 million dollarga yetkazish, qo‘shimcha 1 ming 180 ish o‘rni yaratish mo‘ljallangan. 

«Oltin mato teks» mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan Andijon shahrida tashkil etiladigan korxona ham sohadagi istiqbolli loyihalardan biridir. Korxonada Yaponiya, Belgiya, Turkiyadan keltiriladigan uskunalar asosida tayyor kiyim-kechaklar, trikotaj mato, ip-kalava ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yiladi. 

«Vodiy sanoat faxri» va «Sayyora favvorasi» mas’uliyati cheklangan jamiyatlarida ham ishlab chiqarishni kengaytirish, mahsulotlarni jahon bozoriga chiqarish, aholini ish bilan ta’minlashga qaratilgan istiqbolli loyihalar amalga oshirilishi rejalashtirilgan. 

Prezidentimiz mazkur loyihalarning tashabbuskori bo‘lgan tadbirkorlar bilan suhbatlashdi. Bozor talablaridan kelib chiqqan holda mahsulot tayyorlash, zamonaviy texnologiya va tendensiyalardan keng foydalanish, aniq hisob-kitob bilan ish yuritish bo‘yicha tavsiyalar berdi. 

Prezidentimiz Oltinko‘l tumanidagi “Baxt imkon rivoj chorvasi” ko‘p tarmoqli fermer xo‘jaligi faoliyati bilan tanishdi. 

Xo‘jalikda 2 ming boshga yaqin zotli qoramol, 300 bosh naslli echki boqilmoqda. Ilg‘or texnologiyalar asosida ish tashkil etilgan xo‘jalikda mahsuldorlik yuqori. Har bir sigirdan kuniga 25-28 litr, echkidan 3-3,5 litr sut sog‘ib olinmoqda. Umuman, xo‘jalik tomonidan sutni qayta ishlash korxonalariga bir kecha-kunduzda qariyb 20 tonna sut yetkazib berilmoqda. 

Davlatimiz rahbari Germaniyadan keltirilgan zotdor echkilarni boqish jarayoni, yurtimiz iqlimiga moslashishi bilan qiziqdi. 

Echki sutining sifati yuqoriligi ko‘pchilikka ma’lum. Echki suti tibbiy xususiyatlarga ega bo‘lib, oshqozon kasalliklari, kamqonlik, ko‘z nuri pasayishining oldini olish va diatezda foydalidir. 

Echki suti uzoq vaqt yaxshi saqlanadi. Xona haroratida uch kun, muzlatgichda bir haftadan ko‘p vaqt davomida o‘z xususiyatini yo‘qotmaydi. Echki sutida ko‘p miqdorda kaliy bo‘lib, yurak-nafas olish tizimi faoliyatini yaxshilaydi. 

Fermer xo‘jaligida qo‘shimcha ish o‘rinlari yaratish maqsadida yangi loyihalar amaliyotga tatbiq qilinmoqda. 

Davlatimiz rahbariga ko‘rsatilgan loyihaga ko‘ra, 700 bosh naslli echki olib kelish orqali yangi tarmoq yo‘lga qo‘yiladi. Istiqboli yuqori baholanayotgan mazkur loyihani joriy yilda ishga tushirish mo‘ljallanmoqda. 

Chorvachilik serdaromad soha hisoblanadi, buni unutmaylik, dedi Prezidentimiz. Shifobaxsh bo‘lgan echki sutiga nafaqat yurtimizda, balki chet elda ham talab yuqori. Shuning uchun bu sohani rivojlantirishga alohida e’tibor qaratish, har tomonlama qo‘llab-quvvatlash lozim. 

Viloyatning Ulug‘nor tumanidan fermer xo‘jaligiga 300 gektar yer ajratilgan. Bu yerning 200 gektariga yong‘oq, 100 gektariga unabi ekilib, tomchilatib sug‘orish texnologiyasi yo‘lga qo‘yiladi. 

Fermer xo‘jaligining yana bir istiqbolli loyihasi biogaz ishlab chiqarish tarmog‘idir. Xitoyda ishlab chiqarilgan zamonaviy texnologiyalar yordamida yiliga 600 ming kub metr biogaz ishlab chiqarish loyihasi ishga tushgach, 40 yangi ish o‘rni yaratiladi. 

Prezidentimiz loyihalar doirasida olib borilayotgan ishlar yuzasidan tegishli tavsiyalar berdi. 

Shavkat Mirziyoyev viloyatda qishloq xo‘jaligi sohasida amalga oshiriladigan loyihalar bilan tanishdi. 

Ulug‘nor tumanida tashkil etiladigan 2000 bosh qoramol va 10 000 bosh naslli echki boqishga mo‘ljallangan chorvachilik kompleksi va sutni qayta ishlash loyihasining taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Loyiha haqida batafsil ma’lumot berildi. Davlatimiz rahbari aholini sifatli sut va sut mahsulotlari bilan ta’minlash muhim vazifalardan biri ekanini ta’kidladi. 

Bo‘z tumanidagi «Evro Ekfin» mas’uliyati cheklangan jamiyati jahon bozori talablaridan kelib chiqib, eng so‘nggi texnologiyalar asosida sutni qayta ishlash va sut mahsulotlari ishlab chiqarish loyihasini amalga oshirmoqda. 

Bugungi kunda qurilish ishlari olib borilayotgan chorvachilik kompleksida 2 ming bosh naslli qoramol boqish ko‘zda tutilgan. 200 kishining bandligi ta’minlanadigan kompleks ishga tushgach, yiliga 13 ming tonna sut yetkazib beriladi. 

Asaka tumanidagi «Umid» xususiy korxonasining parranda boqishga ixtisoslashgan kompleksi loyihasi ham ko‘rildi. Hozirgi kunda korxonada 80 ming parranda boqilmoqda. Yangi loyihaga ko‘ra, 80 million dona tuxum va 150 tonna parranda go‘shti yetkazib beriladi. Majmua ishga tushgach, 100 kishi doimiy ish joyiga ega bo‘ladi. 

Oltinko‘l tumanida tomorqalardan unumli foydalanish borasida ilg‘or tajriba to‘plangan. Ayniqsa, "Ko‘makay", "Cho‘ntak" mahalla fuqarolar yig‘inlarida ish namunali yo‘lga qo‘yilgan. Davlatimiz rahbari tijorat banklari va tadbirkorlar tomonidan aholi xonadonlariga limon, unabi va yong‘oq ko‘chatlari va parranda yetkazib berish dasturining ushbu tuman misolidagi taqdimoti bilan tanishdi. Loyihalarni yanada takomillashtirish, ularni belgilangan muddatlarda ishga tushirish yuzasidan mutasaddilarga topshiriqlar berdi. 

Davlatimiz rahbari raisligida Andijon viloyati hokimligida o‘tgan yig‘ilishda viloyat iqtisodiyotini yanada rivojlantirish, muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlarini yaxshilash, aholi turmush darajasini oshirish, aholi bandligini ta’minlash, Harakatlar strategiyasining ijrosi kabi masalalarga alohida e’tibor qaratildi. 

Prezidentimizning Andijon viloyatiga tashrifi davom etmoqda.